Logo
A
3-nashr · 2024

Aydos Kitaybekov

TALABALAR KENGASHI PREZIDENTI, EKO-FAOL, DASTURCHI

Ishtirokchi haqida

Aydos Kitaybekov — 16 yoshda, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Nukus shahridagi Prezident maktabining 10-sinf o'quvchisi, talabalar kengashi prezidenti hamda matematika, informatika va iqtisodiyot fanlari bo'yicha olimpiadalar g'olibi. Bolaligidan matematika va informatika fanlariga qiziqib kelgan, turli xil muammolarni yechishga hamda kompyuterning turli funksiyalari va chiplarini o'rganishga qiziqqan. 2019-yilda Prezident maktabiga eng yuqori ball bilan qabul qilingan va u yerda matematika bilan chuqur shug'ullanish hamda dasturlashni o'rganishni boshlagan. 2020–2023-yillarda turli matematika olimpiadalarida qatnashib, g'alaba qozongan, shuningdek iqtisodiyotga ham qiziqishi ortib, bir nechta olimpiadalarda ishtirok etgan. Bu yil esa informatika fani bo'yicha olimpiadaga tayyorgarlikka e'tibor qaratmoqda. Uning asosiy yutuqlari qatorida AMC 8 (2021) bo'yicha bronza, AMC 8 (2022) bo'yicha kumush, AMC 10 (2023) bo'yicha oltin medal, SEAMO 2022 bronza medali, "Oliy tamg'a" matematika va iqtisodiyot olimpiadalarida 1-o'rin, WMI preliminary round bronza medali, informatika bo'yicha Respublika olimpiadasida 3-o'rin, Al-Xorazmiy nomidagi matematika olimpiadasi viloyat bosqichida (2021–2022) 3-o'rin va iqtisodiyot Respublika olimpiadasida 3-o'rin bor. 2021-yilda maktabining eko-qo'mitasi a'zosi bo'lgan va o'sha yili Zamin Foundation hamda Eco-schools ko'magida O'zbekistonda birinchi yirik eko-festivalni tashkil etishgan. Shundan buyon jamoasi bilan bir nechta ekologik festival va tadbirlar o'tkazib, axlat yig'ish, daraxt ekish va chiqindilardan turli buyumlar yasash ishlarini amalga oshirishgan, hozirda esa "yashil bayroq"ni qo'lga kiritish ustida ishlamoqda. 2022-yil oxirida o'tkazilgan saylovda g'alaba qozonib, talabalar kengashi prezidenti bo'lgan va jamoasi bilan birgalikda ko'plab tadbir, festival hamda klublarni tashkil qilib, talabalar hayotini osonlashtiradigan bir qator o'zgarishlarni amalga oshirishga erishgan. 2023-yil oktabr oyida Samarqanddagi birinchi Markaziy Osiyo eko-lageriga faol ishtirok etganligi sababli, o'sha yilning noyabr oyida "Harakatdagi bolalar va yoshlar — Markaziy Osiyodagi iqlim o'zgarishi" xalqaro forumida O'zbekistonning 3 nafar vakilidan biri sifatida ishtirok etishga muvaffaq bo'lgan. Aydosning orzusi — yorqin hayot kechirish. U Kristofer Kolumbning "Agar siz qirg'oqni ko'zdan kechirishga jur'at etmasangiz, hech qachon okeanni kechib o'tolmaysiz" degan iqtibosini yoqtiradi va hozirda Paulo Koeloning "Alkimyogar" kitobini o'qimoqda.

Nashrga qaytish