Kamolidinova Rayxona
Ishtirokchi haqida
Kamolidinova Rayxona — 17 yoshda, Navoiy viloyati Navoiy shahridagi 17-maktabning 11-sinf o'quvchisi. U har bir insonning turli xil va noyob xislatlarga ega ekanligiga ishonadi va o'zini ham tengdoshlaridan farq qiladigan jihatlari borligini ta'kidlaydi — birinchi navbatda, har qanday imkoniyatdan maksimal foydalanishga harakat qilishi hamda omaddan ko'ra intizomga ko'proq ishonishi bilan. U muvaffaqiyat shunchaki paydo bo'lmasligini, balki tinimsiz izlanish va shaxsiy rivojlanishni talab qilishini biladi. Soft skills bo'yicha Rayxona omma oldida bemalol nutq so'zlay olishini va o'z fikrini erkin bildira olishini aytadi, chunki bu insonning nafaqat shaxsiy, balki professional hayotida ham muhim rol o'ynashiga ishonadi. Til o'rganishga o'zida kuchli salohiyat borligini his qiladi — 4 tilda muloqot qila oladi (ingliz tili C1, IELTS 7.0, turk tili C1, rus tili B2, fransuz tili A2). Bundan tashqari, u she'r va hikoyalar yozadi hamda voleybol sport turi bilan shug'ullanadi. Hayot va uning asl ma'nosini bilishga qiziqishi ilm olishining asosiy sabablaridan biri bo'lib, shu sababli Garvard va Stanford universiteti professorlarining tadqiqotlarini kuzatish va ma'ruzalarini ijtimoiy tarmoqlardan tinglash uning hayotining bir qismiga aylangan. Kelajakda ular kabi tadqiqot qilishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan bo'lib, bu orqali huquqshunoslik sohasiga, shuningdek ayollar huquqini himoya qilishga qaratilgan tadqiqot izlanishlarini olib bormoqda. Insonning shaxsiy va professional o'sishida liderlik qobiliyatining muhim o'rni borligiga ishongani sababli, u "Swap Up", "TEDxNavoi", "Navoiy volontyorlar maktabi" kabi loyihalarda tengqurlari bilan faol ishtirok etadi. Rayxonaning asosiy yutuqlari qatoriga "Ibrat Top-100 Universities" loyihasi bitiruvchisi, "Skills Camp" loyihasi bitiruvchisi, "WeekiHogwarts" loyihasi bitiruvchisi hamda "Kitobxonar ligasi" tanlovining respublika bosqichi sovrindorligi kiradi. Hozirda u hayotining keyingi bosqichiga tayyorlanmoqda — maqsadi Amerikaning Columbia universitetidagi huquqshunoslik fakultetida ta'limni davom ettirish.