Akbarjonova Malika
Ishtirokchi haqida
Akbarjonova Malika — 8 yoshda, Toshkent shahridagi Gyote nomidagi 60-maktabning 2-sinf o'quvchisi. U bolaligidan faol bo'lib, turli ijtimoiy loyihalarda, seriallarda ishtirok etib kelmoqda. Masalan, Prezident ta'lim muassasalari agentligi tomonidan tayyorlangan "Bolalarni begonalardan ogohlantiring" nomli ijtimoiy videoroligida rol ijro etgan bo'lib, bu rolik butun Respublikaning maktablarida namoyish etilib, millionlab tengdoshlariga yetib borgan hamda ularga ehtiyotkor bo'lishda yordam bergan. Bundan tashqari, "Zamin" fondi tomonidan YUNISEF ko'magida tayyorlangan suvni tejash mavzusidagi rolikni ovozlashtirish jarayonida ham ishtirok etgan. Malika xorijiy tillarni o'rganishga, bolalar huquqlarini himoya qilishga va ekologiyaga juda qiziqadi. O'zining "Rus tilini o'rganamiz" degan sahifasi ham bor bo'lib, unda tengdoshlariga rus tilini o'rgatishga yordam beradi. Ushbu loyihasi o'zbek bolalariga rus tilini, rus bolalariga esa o'zbek tilini oson o'rgatadigan kanal bo'lib, ko'proq tengdoshlariga yetib borishini va rivojlanishini istaydi. U YouTubeda tengdoshlariga til o'rgatadigan sahifasini ochganida ba'zi muammolarga duch kelgan — bir necha marta YouTube sahifasi yopib qo'yilgan, shundan keyin Instagramda ochishga qaror qilishgan. Malika bolalikdan qancha ko'p til o'rgansalar shuncha yaxshi bo'lishiga ishonadi, chunki Vatani O'zbekistonning kelajagi ularning qo'lida ekanligini va xorijdagi tengdoshlaridan ortiqroq bilimga ega bo'lishlari kerakligini ta'kidlaydi. Kelajakda nemis, ingliz va turk tillarini yaxshi o'rganishni xohlaydi. Hozircha kichkina bo'lgani uchun, yuqori sinflarga o'tganida xalqaro tadbirlarda volontyor sifatida ishtirok etishni va bu orqali turli davlatlardan do'st orttirishni istaydi. Uning kunduzi ertalab soat 6:30da uyg'onishdan boshlanadi — maktabga, so'ng xususiy kuni uzaytirilgan maktabga boradi, u yerda uyga vazifalarini bajaradi, "Aktyorlik mahorati" va taekvando mashg'ulotlariga qatnashadi, nemis tilini o'rganadi, so'ng buvisi bilan uyga qaytib, birga kitob o'qiydi va Duolingo orqali nemis tilini o'rganadi. Rasm chizish va buyumlar yasashni yaxshi ko'radi, uyida o'zi chizgan rasmlardan galereyasi ham bor. Tengdoshlari bilan "Oy nuri" ekologik loyihasini yo'lga qo'ymoqchi bo'lib, har bir daraxtga do'stlari bilan ismlarini yozib chiqishni rejalashtirmoqda — bolalarning ismi yozilgan daraxtlarni kattalar kesa olmaydi, deb o'ylaydi. Hayotida uni eng ko'p qo'llab-quvvatlaydigan inson buvisi bo'lib, biror ishni uddalay olmasa, buvisi darhol motivatsiya beradi.