Nuriddin Qamardinov
Ishtirokchi haqida
Nuriddin Qamardinov — 23 yoshda, bakalavr darajasiga ega IT-mutaxassis, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida tahsil olgan va hozirda o'sha universitetning Master of Business Intelligence dasturida o'qishni davom ettirmoqda. Uning yo'lini tanlashida ota-onasining ishonchi va qo'llab-quvvatlashi muhim rol o'ynagan. Tanlagan kasbining odamlar hayotini osonlashtirishi, vaqtni tejashi va mehnat unumdorligini oshirishi uni dasturchilik sohasini tanlashga undagan. Bakalavriatda o'qigan davrida shunchaki qiziqish sifatida boshlagan ishini keyinchalik respublika miqyosidagi loyihaga aylantirgan. U 2019-yilda GKS for Central Asian Undergraduate Students yozgi dasturi g'olibi bo'lib, Janubiy Koreyada bir oylik to'liq grant asosidagi dasturda qatnashgan. Shuningdek, Unicorns akseleratsiya dasturida o'zining EventGO startap loyihasi bilan ishtirok etib, 150 000 000 so'mlik grant yutib olgan, "O'zbekiston uchun 100 g'oya" tanlovida ham g'olib chiqqan. Hozirda Nuriddin jamoasi bilan birga EventGO (tadbirlar agregatori) va GrantGO (grantlar va imkoniyatlar platformasi) loyihalari ustida ishlamoqda hamda yosh mutaxassislarni jamoaga jalb qilib, ularga yetakchilik qilmoqda. Uning maqsadi — bu loyihalarni yanada rivojlantirib, xalqaro bozorga chiqa oladigan IT mahsulotiga aylantirishdir.