Logo
A
2-nashr · 2022

Akbar Imomov

YOSH TADBIRKOR

Ishtirokchi haqida

Akbar Imomov — 19 yoshda, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti bakalavriat talabasi, Toshkentdagi eng katta robototexnika klubi — "Rm_uz" asoschisi. Klub ochilgan kundan buyon undagi o'quvchilar soni 30 tadan 300 taga yetgan. Bolalar ta'limi sohasida uzoq vaqt ishlab, Akbar bola o'qish jarayonida qiziqishini yo'qotmasligi qanchalik muhimligini anglagan — shundan kelib chiqib, robototexnikaga qiziqish uyg'otishga qaratilgan steam-o'yinchoqlar loyihasi yaratilgan. Bu o'yinchoqlar yordamida bola faner va elektronikadan mustaqil ravishda tungi chiroq yasashi mumkin — maqsad esa robototexnika nima ekanini tushuntirish emas, balki bolaning o'zi bu sohani qiziqib o'rganishiga undashdir. Akbar maktab davridayoq matematikani sevgan va turli olimpiadalarda qatnashgan. Keyinchalik yaxshi o'qituvchi tufayli fizikaga ham qiziqib qolgan va bu qanchalik qiziqarli fan ekanini anglagan — turli mexanizmlar yasagan, sxemalar tuzgan, masalalar yechgan va tuman bosqichi fizika olimpiadalarida g'olib chiqqan. Universitetda o'qish davomida robototexnika klubiga qo'shilishni istagan, biroq bu soha mamlakatimizda yetarlicha rivojlanmaganini anglagan — detallar yetishmasligi, o'qitish dasturlari va bu sohada tajriba yo'qligi uni robototexnika bilan mustaqil shug'ullanishga undagan. Klub doirasidagi birinchi yirik loyihasi — elektromobil bo'lib, u bilan innovatsiyalar vazirligining grantini yutib olishgan. Yo'lida qiyinchiliklar ham bo'lgan: birinchi qiyinchilik — mos kadrlarni topish bo'lgan, chunki shaxsiy manfaatni o'ylamay, g'oyani ilgari surish va rivojlantirishga tayyor odamlar juda kam edi. Yozning butun davomida viloyatlarga borib, bolalarga tajriba uchun mahster-klasslar o'tkazishga tayyor yoshlar yetishmagan. Keyingi to'siq esa insofsiz odamlar bo'lgan: Akbar hokimiyat orqali jihoz va o'qituvchilar maoshini ta'minlash sharti bilan bir viloyatda bepul robototexnika ta'limini tashkil qilmoqchi bo'lgan, g'oya ma'qullanib, qizg'in qo'llab-quvvatlangan, ammo oxir-oqibat barcha xarajatlarni talabaning o'zi qoplashiga to'g'ri kelgan, chunki hech kim mas'uliyatni o'z zimmasiga olishni istamagan. Akbarning kelajakdagi maqsadlari katta: u har bir bolaga robototexnika sohasida o'zini sinab ko'rish imkoniyatini berishni istaydi. Shu maqsadda yozda yana 3 ta klub filialini ochib, 600 dan ortiq bolani o'qitishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, klub doirasida boshqa yo'nalishlarni ham modernizatsiya qilish, jumladan 3D formatda o'yinlar yaratish kurslarini, dron qurish va yig'ish bo'yicha kurslarni yo'lga qo'yish rejalari bor.

Nashrga qaytish