Rustambek Atoyev
Ishtirokchi haqida
Rustambek Atoyev — 25 yoshda, Qurolli kuchlar harbiy tibbiyot akademiyasi bakalavriat talabasi. U kelajakda harbiy shifokor bo'lib, vatanimiz himoyachilari — askarlar va harbiylar hayoti hamda sog'lig'ini saqlash niyatida. Ta'lim olish jarayoni bilan bir qatorda, u bir qancha yirik olimpiadalarda ishtirok etib, jamoa yig'ib, faxrli o'rinlarni egallab kelmoqda: mikrobiologiyadan Respublika fan olimpiadasida 2-o'rinni, nevrologiyadan xalqaro olimpiadaning OTM bosqichida 3-o'rinni qo'lga kiritgan, shuningdek Buxoro viloyati yoshlar ittifoqi tashkil etgan "Eng yaxshi ijtimoiy loyiha" tanlovida ham faxriy 3-o'rinni egallagan. Rustambek barcha harbiylarning hayotini saqlab qolish, favqulodda vaziyatlarda, baxtsiz hodisalarda fuqarolar hayotini saqlab qolish va ularga tibbiy yordam ko'rsatish uchun shifokor bo'lishga qaror qilgan. Uning yo'lida qiyinchiliklar ham bo'lgan — o'qishi sababli uyidan, oilasidan uzoqda bo'lish, uy-joy, ba'zida moliyaviy muammolar, ba'zida esa o'zining shaxsiy kamchiliklarini bartaraf etish bilan bog'liq sinovlarga duch kelgan. Agar hayotda hamma narsasi bo'lsa, u ilm bilan, ixtirolar va yangiliklar yaratish, dars berish bilan shug'ullanardi, iqtidorlilarni qidirib topib, ularga imkoniyat berishni istardi. Shuningdek, kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga moddiy va ma'naviy ko'mak berardi. Rustambekning kelajakdagi maqsadlari — IELTS imtihonini topshirish, xorijiy ta'lim muassasalarida o'qish, shuningdek xususiy klinika va tibbiyot universiteti ochish.