Vaxabova Nargiza
Ishtirokchi haqida
Vaxabova Nargiza — 35 yoshda, Toshkent tibbiyot akademiyasi doktoranti. U tadqiqotchi sifatida keksa yoshdagi shaxslarda ishemik insultning klinikasi va davolanishidagi gender ko'rsatkichlari, o'tkir ishemik insult kasalligi rivojlangan erkak va ayollarda gormonal statusning asosiy ko'rsatkichlari ustida ish olib boradi. Uning loyihasi ishemik insultni davolash orqali demensiya va nogironlikning oldini olishga qaratilgan. Nargiza keksa yoshli bemorlarning ishemik insultga chalinishining asosiy xavf omillari gender bo'yicha farq qilinishi haqidagi loyihani ishlab chiqargan. O'tkir ishemik insult kasalligi rivojlangan erkak va ayollarda gormonal statusning asosiy ko'rsatkichlariga binoan davolash uslublarining samaradorligini o'rganib chiqqan. Ushbu yig'ilgan ma'lumotlar nevrologik belgilarning rivojlanishini to'xtatish, yoki sekinlashtirish, shuningdek demensiyaga o'tib ketishining oldini olish maqsadida davolanish uslublarini yaxshilashga imkon bergan. O'tkazilgan ilmiy tadqiqotlar tahlilida, erkak va ayol organizmining individual xususiyatlari bir-biridan tubdan farq qilinishi aniqlangan. Gender xususiyatlarini inson hayotining yoshlik, yetuklik, keksalik va ayniqsa qarilik davrida bir-biridan keskin farqlanuvchi gemodinamik ko'rsatkichlarini hisobga olgan holda diagnostik o'rganishlar talab qilingan. Nargiza Toshkent tibbiyot akademiyasining nevrologiya bo'limining tayanch doktoranturasini tamomlab, falsafa doktori diplomini olgan. O'z ishini muvaffaqiyat bilan himoya qilib, qo'liga diplom olgan kunini hayotidagi eng yorqin kun deb hisoblaydi. Endilikda mazkur tadqiqotini davom ettirmoqchi, chunki uning aytishicha hali o'rganiladigan ishlar juda ko'p bo'lib, ularning barchasi nogironlikni oldini olishga qaratilgan.