Xudoyberdiyev Umid
Ishtirokchi haqida
Xudoyberdiyev Umid — 26 yoshda, Jizzax politexnika instituti magistranti. U qayta tiklanadigan energiya manbalariga o'tishga ko'maklashadi va shamol energiyasidan foydalanib elektr energiyasi ishlab chiqarishni tashkil etadi. Dunyodagi zamonaviy tendensiyalar energetika sohasi rivojlanishida qazilma yoqilg'idan yashil energiyaga o'tib, qayta tiklanadigan energiya manbalariga ko'proq afzallik berilmoqda. Umid Xudoyberdiyevning loyihasi ham shu zamonaviy trendlarga ergashib, shamol energiyasi va shamol generatorlari yordamida elektr energiyasi olishga qaratilgan. Tadqiqotchi shamol energetikasi parametrlarini o'rganadi va shamol generatorlarining texnik-iqtisodiy xususiyatlarining samarali modelini yaratadi. Bunda nisbatan arzon elektr energiyasi ishlab chiqariladi, bu esa insonning ekologiyaga salbiy ta'sirini kamaytiradi. Umidning asosiy maqsadlaridan biri — qayta tiklanadigan energiya sohasini yanada rivojlantirish va O'zbekistonda shu soha bo'yicha yaxlit tizim yaratishdir. Tadqiqotchi mamlakatimizda arzon va ekologik toza energiya olish uchun katta salohiyat mavjud deb hisoblaydi.